Osiyo va Okeaniya mamlakatlari radiologlarining 25-chi Kongressi hamda O'zbekiston Radiologlar Jamiyati Kongressi
29-aprel – 2-may 2027 yil | Toshkent, O'zbekiston
Osiyo va Okeaniya mamlakatlari radiologlarining 25-chi Kongressi hamda O'zbekiston Radiologlar Jamiyati Kongressi - radiologiya va tibbiy tasvirlash sohasidagi mutaxassislarni Osiyo va Okeaniya mamlakatlari, shuningdek, dunyoning turli hududlaridan birlashtiruvchi yirik xalqaro ilmiy va professional tadbirga aylanadi.
Asrlar davomida ushbu mintaqa insonlar, bilimlar, tillar, an'analar va g'oyalar uchrashadigan makon bo'lib kelgan. Buyuk Ipak yo'li Sharq va G'arbni bog'lab, nafaqat savdo-sotiq, balki madaniyatlararo muloqot, ilm-fan va bilimlar almashinuvi uchun ham muhim yo'l vazifasini bajargan.
Bugun ushbu tarixiy an'ana yangi mazmun va yangi o'lchamda davom etmoqda.
Ilk bor Toshkent xalqaro radiologiya hamjamiyatining yirik uchrashuv maydoniga aylanib, Markaziy Osiyoning qoq markazida dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan mutaxassislarni birlashtiradi. Toshkent professional tajriba, ilmiy g'oyalar va xalqaro hamkorlik uchrashadigan zamonaviy markaz sifatida namoyon bo'ladi.
KO'RINMASLIK CHEGARALARINI KENGAYTIRIB
Kongress mavzusi zamonaviy radiologiyaning mohiyatini aks ettiradi -ko'proq narsani ko'rish, chuqurroq anglash va kecha diagnostika chegarasi bo'lgan nuqtalarda yangi imkoniyatlarni kashf etish intilishi.
Bugungi kunda radiologiya an'anaviy tibbiy tasvirlash tushunchasi doirasidan ancha kengayib bormoqda. Sun'iy intellekt, MRT va KTning ilg'or texnologiyalari, molekulyar tasvirlash, tasvirlarni miqdoriy tahlil qilish, interventsion radiologiya hamda shaxsga yo'naltirilgan diagnostik strategiyalar zamonaviy tibbiyotdagi yondashuvlarni jadal sur'atlarda o'zgartirmoqda.
AOCR 2027 ana shu yo'nalishlar ilmiy muloqot, klinik amaliyot va tajriba almashinuvi doirasida birlashadigan professional maydon bo'ladi.
ILM-FAN, KLINIK AMALIYOT VA YANGI G'OYALAR
Kongress ilmiy dasturi yetakchi xalqaro ekspertlar, amaliyotchi mutaxassislar, tadqiqotchilar va yosh olimlarni bir maydonga jamlaydi.
Ishtirokchilarni yalpi majlislar va ma'ruzalar, ilmiy sessiyalar, interaktiv munozaralar, amaliy mahorat darslari, murakkab klinik holatlar tahlili, og'zaki va poster taqdimotlari, shuningdek, zamonaviy bilimlarni kundalik klinik amaliyotga tatbiq etishga yo'naltirilgan ta'lim formatlari kutmoqda.
Kongress dasturida radiologiya va tibbiy tasvirlashning dolzarb yo'nalishlari, innovatsion texnologiyalar, dalillarga asoslangan yondashuvlar, shuningdek, tibbiy yordam sifati va xavfsizligi masalalariga alohida e'tibor qaratiladi.
FANLARARO MULOQOT
Zamonaviy radiologiya boshqa tibbiy yo'nalishlardan ajralgan holda rivojlanmaydi. Aniq va ishonchli tashxis turli mutaxassislarning bilimlari, texnologik imkoniyatlari va klinik tajribasini birlashtiruvchi hamkorlik natijasidir.
Shu bois ushbu radiologiya kongressi nafaqat radiologlar, balki diagnostika, davolash va bemorlarni kompleks yuritish jarayonlari bilan bog'liq bo'lgan turdosh tibbiy mutaxassisliklar vakillari uchun ham ochiqdir.
Biz turli mutaxassislik shifokorlari, olimlar, tadqiqotchilar, pedagoglar, yosh mutaxassislar hamda tibbiyot sanoati vakillarini ochiq va konstruktiv professional muloqotga taklif etamiz.
Zero, turli fanlar va mutaxassisliklar kesishgan nuqtada yangi savollar, yangi yechimlar va bemor uchun yangi imkoniyatlar paydo bo'ladi.
PROFESSIONAL MULOQOT VA HAMKORLIK MAYDONI
AOCR 2027 - bu nafaqat boy ilmiy dastur, balki xalqaro professional muloqot uchun keng imkoniyatdir.
Bu turli mamlakatlardan kelgan hamkasblar bilan uchrashish, klinik tajriba almashish, ilmiy g'oyalarni muhokama qilish, o'z tadqiqotlaringizni xalqaro hamjamiyatga taqdim etish, hamfikrlarni topish va kelgusidagi qo'shma ilmiy loyihalar uchun mustahkam zamin yaratish imkoniyatidir.
Biz professional muloqot rasmiy sessiyalar doirasidan tashqariga chiqadigan, yangi tanishuvlar esa uzoq muddatli ilmiy, ta'limiy va klinik hamkorlikning boshlanishiga xizmat qiladigan muhitni yaratishga intilamiz.
Kongress dasturida yosh mutaxassislarga alohida e'tibor qaratiladi. Ularning g'oyalari, ilmiy izlanishlari va kasbiy salohiyati radiologiyaning kelajagini belgilovchi muhim omillardandir.
AOCR 2027 yosh mutaxassislarga o'z tadqiqotlarini xalqaro hamjamiyatga taqdim etish, yetakchi ekspertlardan professional fikr-mulohaza olish va yangi ilmiy hamda kasbiy aloqalarni yo'lga qo'yish imkoniyatini beradi.
KO'RINMASLIKDAN - YANGI UFQLAR SARI
Biz ishtirokchilarni nafaqat kongressda faol qatnashishga, balki O'zbekiston bilan yaqindan tanishishga ham taklif qilamiz — uning boy tarixiy merosi, zamonaviy madaniyati, betakror me'morchiligi, milliy taomlari va dunyoga mashhur mehmondo'stligini kashf etishga chorlaymiz.
Biz ishonamizki, zamonaviy radiologiya — bu nafaqat inson ko'zi ilg'ay olmaydigan narsalarni ko'rish qobiliyatidir. Bu, avvalo, ko'proq narsani anglash, bilimlarni birlashtirish, yangi savollarni qo'yish va tibbiyot amaliyotini takomillashtiradigan yechimlarni izlash qobiliyatidir.
SIZNI TOSHKENTDA BIZ BILAN BIRGA BO'LISHGA SAMIMIY TAKLIF ETAMIZ.
Osiyo, Okeaniya mamlakatlari va dunyoning turli burchaklaridan keladigan hamkasblaringiz bilan birgalikda AOCR 2027da ishtirok eting.
Keling, birgalikda ko'rinmaslik chegaralarini kengaytiraylik, radiologiyaning yangi ufqlarini kashf etaylik va bilim, hamkorlik hamda bemor manfaatlariga sodiqlik asosida tibbiyot kelajagini birgalikda yarataylik.
